Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan qabul qilingan «Barkamol avlod yili» Davlat dasturida belgilangan muhim vazifalardan biri – ilmiy faoliyatga iqtidorli yoshlarni faol jalb etish, ularning ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratishdir. Ushbu dasturni amalga tatbiq etishda oliy o‘quv yurtlari muhim o‘rin tutadi. Oliy o‘quv yurtlari yoshlarga zamon talablariga javob beradigan chuqur bilim berish bilan birga ularni mustaqil fikrlash, har qanday ishga ijodiy yondashish, eng murakkab ilmiy va ishlab chiqarish muammolarini hal etishga yangicha yondashuvlarni izlash va topishga o‘rgatadi.
Haqiqiy olimlar uchun zarur bo‘lgan ushbu xislatlar Toshkent kimyo-texnologiyalari institutining ko‘plab talabalariga ham xos. Yoshlar tajribali o‘qituvchilar rahbarligida o‘qishning birinchi bosqichidan ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanib, real ishlab chiqarish manfaatdor bo‘lgan natijalarga erishmoqdalar. Ularning har yili mamlakatimiz olimlarining iqtisodiyot va ijtimoiy sohani modernizatsiya qilish, jadal rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadigan eng istiqbolli ishlanmalari saralab olinadigan respublika innovatsiya yarmarkalaridagi ishtiroki buning dalilidir.